Soʻzga aylangan odamlar: aslida kishilarning ismi boʻlgan 15 ta soʻz
Ismingiz vaqt oʻtib biror tushunchani ifodalaydigan atamaga aylanishini tasavvur qilasizmi? Ha, tasavvurga sigʻmaydi. Balki, quyida sharhlanadigan soʻzlarga maʼno-mazmun baxsh etgan odamlar ham bunday oʻyga bormagandir.
“Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday qiziq tarixi, hayot yoʻliga ega soʻzlar haqida hikoya qiladi.
Befstrogan fransuzcha Bœuf Stroganoff – Stroganov usulida pishirilgan mol goʻshti degan maʼnoni anglatadi. Rus oshxonasining dunyoga mashhur bu taomi graf Aleksandr Stroganov (1795–1891) sharafiga nomlangan. Bir talqinga koʻra, mayda goʻsht boʻlaklarini sous bilan qovurib tayyorlanadigan bu ovqatni Stroganovlarning fransuz oshpazi Andre Dyupon oʻylab topgan. Boshqa talqinga asosan esa, Aleksandr Stroganovning oshpazlaridan biri fransuz va rus oshxonasini anʼanalarini omixtalashtirib, shunday taom tayyorlagan. Bu ovqat tezda ommalashib, butun dunyoda shuhrat topdi. U oʻzbek oshxonalari va restoranlari roʻyxatidan ham muntazam joy olib keladi. Uni jonli tilda qisqaroq qilib bistrogan deb qoʻya qolamiz. Lugʻatga koʻra, oʻzbekchada befstrogan shaklida qoʻllanadi.
Blyutus shaxsiy simsiz tarmoq turini anglatadi. U inglizcha blue – koʻk va tooth – tish soʻzlaridan. U aslida dan tilidagi Blåtand – koʻk tishli soʻzining tarjimasi. Hozirgi Daniya va Norvegiya hududlarida X asrda hukmronlik qilgan Harald I ni shunday atashgan. U tarqoq dan qabilalarini bir qirollikka birlashtirgan. Blyutusning ishlash tarzi ham shuni eslatadi: u bir necha qurilmalarni bitta tarmoqqa jamlaydi. Maʼlumotlarga koʻra, blå soʻzi qadimda qora degan maʼnoni bergan. Qirol Harald birinchining old tishi qora rangda boʻlgani uchun unga shunday nom berganlar. Blyutusning logotipi skandinav yozuvlaridan olingan, u Harald I Koʻktishli (Harald Blåtand – h, b – ᚼ,ᛒ) ismining bosh harflarini anglatadi.
Boykot alohida shaxs, tashkilot yoki davlatni nazar-eʼtibordan chetda qoldirish, yakkalab qoʻyish maqsadida u bilan munosabatlarni toʻliq yoki qisman toʻxtatishdan iborat siyosiy va iqtisodiy kurashni anglatadi. Bu soʻz oʻzbek tiliga rus tili orqali kirgan. Ruschaga nemis tili vositasida oʻtgan. Asli – inglizcha.
1880-yili Irlandiyada yerlarni ijaraga berishda adolat oʻrnatish, yerni erkin oldi-sotdi qilish uchun kurash boshlanadi. Irlandiya milliy yer kengashi hukumatga taʼsir koʻrsatish uchun mahalliy ishchilarni chaqirib oladi. Hosil yigʻish toʻxtatiladi. Britaniyalik yer agenti Charlyz Kanningem Boykot (Charles Cunningham Boycott) bu ishtashlash jarayoniga faol qarshilik qiladi. Kengash Boykotni yakkalashni boshlaydi. Qoʻshnilar u bilan muomala qilishni, doʻkonlar esa amaldorga narsa sotishni toʻxtatadi. Odamlar Boykot bilan koʻrishmaslikka va jamoat joylarida unga yaqin oʻtirmaslikka harakat qila boshlaydi.
Boykotga qarshi bu kampaniya Britaniya matbuotida katta shov-shuv koʻtaradi, gazetalar Gʻarbiy Irlandiyaga muxbirlarini joʻnatadi. Hukumat hosil yigʻishga muntazam armiya va politsiyani jalb qiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, 500 funt-sterling turadigan hosilni yigʻish kamida 10 000 funt-sterlingga tushadi. Boykot esa Irlandiyani shu yili tark etadi.
Shunday qilib, boykot qilish siyosiy norozilik va tinch qarshilikning standart uslubiga aylanadi.
Vatman – yuqori sifatli oq qogʻoz. Dastlab 1750-yillar oʻrtalarida Angliyada tadbirkor Jeyms Uatmanga qarashli qogʻoz fabrikasida ishlab chiqarilgan. U yangicha uslubni qoʻllaydi va qogʻoz varaqlaridan toʻr izlari yoʻqoladi. Uatman oʻz qogʻozini wove paper – mato qogʻoz deb ataydi. Rus tilida bu qogʻozni uning ixtirochisi bilan atash urf boʻladi. Ruslar koʻproq A1 va baʼzan A2 formatdagi qogʻozni vatman deb ataydilar. Bu soʻz oʻzbek tiliga rus tili orqali kirib kelgan.
Vokzal
– yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatiladigan bino va binolar yigʻindisi. U inglizcha Vauxhall – Voks koshonasi, Voks zali soʻzidan olingan. Oʻzbekchaga rus tili orqali kirgan. London atrofida Vauxhall nomli shaharcha va shu nomdagi ommaviy bogʻ boʻlgan. XVII asr oʻrtalaridan bu soʻz turdosh otga aylanib, omma uchun moʻljallangan bogʻ va sayilgohlarni ifodalashni boshlagan.
Inglizcha toponim tarixi uzoq XIII asrga borib taqaladi. Ingliz qiroliga xizmat qiluvchi normand qoʻmondoni Folk de Breat boy bir ayolga uylanadi. Unga katta yerlar meros qolgandi. Bu joydagi mulklar Faukes hale deb atala boshlanadi. Keyinchalik ushbu hududda paydo boʻlgan qishloq ham shu nomni oladi. XVII asrda bu yerlarga Jeyn Voks ismli ayol egalik qiladi. Natijada nom ham biroz oʻzgarishga uchraydi: Voksʼhol.
Vokzal soʻzining temiryoʻl stansiyadagi bino maʼnosi 1838-yili qurilgan Pavlov vokzali bilan bogʻliq. Unga “Voksal” deb nom berishadi. Vaqt oʻtib bu soʻz har qanday transport stansiyasi binosiga nisbatan ishlatila boshlaydi.
Rus tilida dastlab foksal shaklida qoʻllangan bu soʻz keyinchalik vokzalga aylanadi. Mutaxassislar fikricha, bunday oʻzgarish zal soʻzi taʼsirida yuz bergan.
Derbi soʻzi musobaqa, doʻnonlar (3–4 yoshli otlar) poygasi, bir hudud yoki shahardagi jamoalar oʻrtasidagi bahs kabi maʼnolarni anglatadi. Bu soʻzning kelib chiqishi haqida turli talqinlar bor. Ot poygasi bilan bogʻliq holatda uni lord Edvard Smit-Stenli Derbi (1752–1834) nomi bilan bogʻlashadi. U Derbi graflar oilasining 12-grafi boʻlgan. Lordlar palatasi aʼzosi, kansler lavozimlarida ishlagan Derbi 1780-yili otlar poygasi tashkil qiladi va keyinchalik bunday musobaqalar uning nomi bilan atalishni boshlaydi. Bir shahar futbol jamoalari oʻrtasidagi kurashni derbi deb atash ham ana shu poygalarga qiyosan urfga kirgan.
Kardigan – odatda yoqasiz, boʻyi uzun, choʻntakli kamzul. Oʻzbek tili lugʻatlariga kirmagan bu soʻz jonli tilda faol ishlatiladi. Uning kelib chiqishini ingliz generali Jeyms Bradnell Kardigan (1797–1868) nomi bilan bogʻlashadi. Yoqasi xuddi yaktaknikiga oʻxshash baliqchilar kiyimi olis XI asrda ham boʻlgan. Deyarli sakkiz asr davomida uni oddiy fransuzlar va britaniyaliklar kiygan. Biroq XIX asrga kelib u hozirgi nomi bilan atala boshlagan. Did bilan kiyinishni xush koʻradigan qoʻmondon Jeyms Kardigan bu kiyimni kiyishni oʻz qoʻshinida ommalashtiradi. Issiq tutadigan, mundir ostidan deyarli koʻrinmaydigan, formani “buzib” qoʻymaydigan ushbu kamzulga askarlar general Kardigan nomini beradi. Shunday qilib, bu soʻz 1868-yildan isteʼmolga kiradi.
Keyinchalik kardiganning turli fasonlari ishlab chiqiladi va u butun dunyoda shuhrat qozonadi.
Mavzoley – qabr ustiga ishlangan mahobatli, ulugʻvor yodgorlik; maqbara. Hozirgi tilda kam ishlatiladi. Uning ildizi yunoncha Mausoleion soʻziga borib taqaladi. Miloddan oldingi IV asrda Kichik Osiyoda Kariya shohi Mavsol uchun qurilgan mashhur maqbara nomidan olingan. Uning qabri hozirgi Turkiya hududidagi Halikarnas shahrida boʻlgan. Bu shahar oʻrnida Bodrum shahri qad koʻtargan. Mavzoley soʻzi ommalashishiga Mavsol maqbarasining oʻta mahobatli va hashamdorligi sabab boʻlgan. U “qadimgi dunyoning yetti moʻʼjizasi” qatoriga ham kiritilgan.
Mansarda – bino chordogʻidagi xona, boloxonaning bir turi. Fransuz meʼmori Fransua Mansar (1598–1666) sharafiga nomlangan. Mansar 1630-yili tom ostidagi chordoqdan yashash va xoʻjalik maqsadlarida foydalanishni oʻylab topgan. “Nozik boʻlmagan” mehmonlar uchun moʻljallangan chordoq-xona Parijda tez fursatda dovruq qozongan. Parij hukumati bir necha qavatli uylarning egalaridan qoʻshimcha soliq undirgan, biroq chordoq alohida qavat hisoblanmagan. Ustiga ustak arzon ham boʻlgan mansarda urfga kirgan.
Hozir mansarda loyihasi koʻpincha bir qavatli xususiy turarjoy va dala hovli binolari qurilishida qoʻllanadi.
Metsenat – ilm-fan va sanʼat rivojiga shaxsiy mablagʻlari hisobidan begʻaraz hissa qoʻshuvchi shaxs. Oʻzbek tilida bu soʻz homiy, otaliqqa olish kabi iboralar bilan ifoda etiladi. Biroq soʻnggi paytlarda metsenat soʻzini qoʻllash ham birmuncha ommalashdi. Miloddan oldingi I asrda yashagan Gay Metsenat ismidan kelib chiqqan. U Rim imperatori Oktavian Avgustning yaqin kishisi boʻlgan, uning muhim siyosiy, diplomatik va shaxsiy topshiriqlarini bajargan. Metsenat ilm-fan, sanʼat va adabiyot sohasi vakillariga homiylik qilgan.
Rizamat – oʻrtapishar mahalliy xoʻraki va mayizbop uzum navi. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Shreder nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand filialida Kattaqoʻrgʻon va Parkent uzum navlarini chatishtirib chiqarilgan. Garchi chatishtirish ishlarini K. Smirnov va A. Gerasimova bajargan boʻlsa-da, uzum naviga mashhur bogʻbon Rizamat Musamuhamedov (1881–1979) nomi berilgan. Bu kishi tokchilik boʻyicha yirik mutaxassis boʻlgan. Rizamat Musamuhamedov rahbarligida Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda 3250 gektar namunali bogʻ va tokzorlar barpo etilgan. Agronom “Tokchilik boʻyicha qoʻllanma” (1939), “Moʻl uzum hosili yetishtirishdagi tajribalarim” (1959) kabi kitoblar yozgan. Rizamat uzumi Oʻzbekiston va Tojikistonda mashhur.
Saksofon – puflab chalinadigan musiqa asbobi. Uni 1840-yillarda belgiyalik usta Adolf Saks ixtiro qilgan. U 1846-yil 21-mart kuni Fransiyada sakkiz turli damli cholgʻu asboblariga patent olgan. Adolf dastlab bu musiqa asbobini naychali ofikleid deb atagan. Saksofon nomini bir necha yil oʻtib musiqa mutaxassisi Hektor Berlioz taklif qilgan.
Sendvich – orasiga qiyma va boshqa masalliqlar solingan non boʻlagi. Oksford lugʻatiga koʻra, bu soʻz manbalarda ilk bor 1762-yili qoʻllangan. Bu soʻzning paydo boʻlishi ingliz diplomati, lord Jon Montegyu Sendvich (1718–1792) nomiga borib taqaladi. U yaxna goʻshtni qovurilgan non boʻlaklari orasiga solib yeyishni xush koʻrgan. Bu turdagi taom Buyuk Britaniya va Amerikada hozir ham juda sevib isteʼmol qilinadi.
Xuligan oʻzbekchada bezori degani. Bu soʻzning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Shulardan biriga koʻra, bu soʻz XIX asrda Londonda yashagan asli irlandiyalik Patrik Hulihan (Patrick Houlihan) ismidan kelib chiqqan. U koʻchabezorilik, oʻgʻrilik va kissavurlik bilan shugʻullangan. Muxtasar Oksford lugʻatiga koʻra, xuligan 1890-yillarda mashhur boʻlgan bir qoʻshiqdagi toʻpolonchi irland oilasi nomiga borib taqaladi.
Ushbu soʻz ilk bor 1894-yili London politsiyasi hisobotlarida paydo boʻlgan. Londonning Lambet tumanida bezorilik qiladigan bolalar toʻdasi the Hooligan Boys (Huligan bolalari), keyinroq esa O’Hooligan Boys (OʼHuligan bolalari) deya atalgan.
Keyinchalik bu soʻz turli toʻdalarga qoʻshilib, bezorilik qiladigan, lekin oʻgʻrilik qilmaydigan yigitlarga nisbatan qoʻllangan. XX asrda xuligan juda koʻp tillarga koʻchib oʻtib, baynalmilal soʻzga aylandi.
Shovinizm – millatchilikning tajovuzkor shakli. Napoleon Bonapartga oʻlguday sodiq askar Nikola Shoven (Nicolas Chauvin) nomidan kelib chiqqan. U 1815-yildan soʻng, yaʼni Bonapart taxtdan ketib boʻlgach ham, sobiq imperatorga tarafdor ekanini namoyish qilib yurgan. Aytishlaricha, kambagʻalligi, mehnatga layoqatsizligi va tahqirlashlarga qaramay, Shoven oʻz xojasining ashaddiy tarafdori, uning istilochilik gʻoyalari yoqlovchisi boʻlib qolavergan. U har qanday masalada Bonapartni haq deb bilgan, u bilan hatto butun dunyoga qarshi kurashishga ham tayyor turgan.
Shoven nomi asos boʻlgan shovinizm soʻzi hozirgi kunda oʻzga millatlarni kamsitish, tahqirlash, oʻz millatini boshqa millatdan ustun qoʻyish, milliy takabburlik, milliy xudbinlik illatlarini oʻzida mujassam etgan mafkurani anglatadi.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.