Xaltura
Bu soʻz oʻzbek tilida tartibsiz ravishda, yuzaki qilinadigan xom ishni bildiradi. Bizga rus tilidan oʻtgan, asli lotincha chartularium soʻzidan.
Nasroniylar odatiga koʻra, ruhoniy arvohlarga duo qilayotganda oʻqiydigan xotirlash roʻyxati lotinchada shu soʻz bilan atalgan. U rus tiliga oʻzlashgan dastlabki paytlar – XV asrda shu maʼnoda qoʻllangan boʻlsa, XVII asr oxiriga kelib marhumni xotirlash va dafn marosimi maʼnosida ishlatila boshlagan. Keyinroq tekin ovqat maʼnosini kasb etgan. Bunga marosimlarda taom ulashilgani sabab boʻlgan, menimcha.
Xom-xatala,
chala ish maʼnosiga esa XX asr birinchi yarmida ega boʻlgan. Fasmer lugʻatida aytilishicha, bu mazmunda dastlab teatr ahli orasida jargon sifatida ishlatilgan. Keyinchalik xalq tiliga koʻchgan.
Menimcha, xom-xatala ishga xaltura nomi berilishiga dafn marosimlarida koʻzga tashlanadigan toʻpolon, sarosima sabab boʻlgan. Kutilmaganda boshiga koʻrgilik tushgan oila aʼzolarining besaranjom harakat qilishi, taom ulashish marosimini tashkil etish va oʻtkazishda ham tartibsizlikka yoʻl qoʻyishi xalturaning mazmunini hozirgi maʼnoga burib yuborgan boʻlishi mumkin.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.