Tasavvur qilish qiyin: bular aslida arabcha soʻzlar

Tasavvur qilish qiyin: bular aslida arabcha soʻzlar

Oʻzbekchaga arab tilidan kirgan soʻzlar talaygina. Kundalik turmushda ishlatadigan soʻzlarimizning koʻpi aslan arabcha ekanini sezmaymiz ham. Ha, ular tilimizga singib ketgan. Til sandigʻimizdan Yevropa tillari orqali kelgan, qiyofasi ovroʻpalashgan baʼzi arab soʻzlari ham joy olgan. Ularni tashqi koʻrinishiga qarab roman-german yoki slavyan tillariga oid deb oʻylaymiz. Maʼlumotlarga koʻra, Yevropa tillariga soʻz berish boʻyicha arab tili yetakchilardan. Ayniqsa, ispan tilida arabcha ildizli soʻzlar juda koʻp. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlar haqida hikoya qiladi.

 

Yubka, shuba va jemper

Uchala soʻz ham bitta oʻzakka – arabcha jubbaga borib taqaladi desam, ishonasizmi? Jemperning shakli juda oʻzgarib ketgan-a? Bunga hayron qolmaslik kerak. Chunki kuchli tillar chetdan soʻz olganda uni oʻziga moslaydi, kulol loyni pishitgandek pishitib, oʻziga yoqqan koʻrinishda soʻz yasab oladi.

Ip gazlamadan qilingan keng yengli kiyimni anglatgan jubba eski fransuz tiliga, undan shotland, undan esa ingliz tiliga oʻtgan. Shotland tilida jupe keng pidjakni, inglizcha jump kalta paltoni bildirgan. XIX asr oʻrtalaridan jumper yengli keng kurtkani ifodalay boshlagan. Izohli lugʻatga koʻra, jemper oʻzbekchada tugmasiz va yoqasiz koftani anglatadi. Lekin savdoda tugmali va yoqali jemperlar ham uchraydi.

Yubka soʻzi bizga ruschadan kirgan. Ruschaga esa polyak tilidan oʻzlashgan. Polyakcha jupka nemischa juppe – kurtka soʻzining oʻzgargan shakli. Olmonlar fransuz va italyan tillari orqali kelgan jubba soʻzini oʻz tiliga shunday moslaganlar.

Oʻzbek tiliga ruschadan kirgan shuba soʻzi qadimgi nemis va italyan tillari oralab oʻtgan. Oʻta issiq mamlakatlar tilidagi jubba sovuq oʻlkalarga borgach, qalin qishki kiyimni ifodalay boshlagan. Shuba oʻzbekchada avrasi moʻynali ustkiyimni anglatadi.

Har uchala soʻzga xamirturush boʻlgan jubba soʻzining oʻzi ham oʻzbekchada bor. Jonli tilda faqat shevalarda qoʻllanadi, adabiy asarlarda ham uchrab turadi. U koʻylak bichimida tikilgan paxtali issiq kiyimni bildiradi:

Kishilar qishning ogʻir yuklari: poʻstin, paxtalik, chopon, jubbalarni tashlab, oʻzlarini erkin his eta boshladilar. (J. Sharipov, “Xorazm”.)

 

Sirop, sharob va sharbat

Sirop meva sharbatini va shakarni qaynatib tayyorlangan qiyomni anglatadi. Dorixonalarda sotiladigan shirin suyuq dorilar ham odatda sirop ataladi. Bu bejiz emas. Manbalarda yozilishicha, sirop dastlab faqat yoz va bahor oylarida tayyorlangan. Gullardan olingan sharbatlar koʻproq mashhur boʻlgan. Ular asosan oziq-ovqat va dori tayyorlash uchun ishlatilgan.

Arabcha sharob italyanchaga siroppo, undan fransuzchaga sirop shaklida oʻtgan. Shunday qilib, sirop fransuzchadan ruschaga, undan oʻzbekchaga qadam ranjida qilgan.

Sharob soʻzi asliyatda ichimlik; sharbat; may kabi maʼnolarga ega. Uni oʻzbekchada ham ishlatamiz. Lekin tilimizga faqat uchinchi maʼnosi bilan oʻzlashgan. Sharob bilan oʻzakdosh sharbat esa oʻzbekchada mevalardan tayyorlangan shirin ichimlik maʼnosini anglatadi.

 

Avariya – shikast degani

Kimdir “Avariya ham asli arabcha”, desa, tomdan tarasha tushgandek boʻlsa kerak-a? Lekin shunday. Tadqiqotchilar fikricha, fransuz, italyan, ispan, nemis, polyak, ukrain, belorus, chex, rus kabi tillarda baʼzi tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiluvchi bu soʻz arabcha avorshikast, ziyon soʻzidan hosil boʻlgan.

Avariya rus tiliga XVIII asr boshlarida italyanchadan oʻzlashgan. Dastlab u asliyatdagi kabi shikastlanish, zarar koʻrish maʼnosini bildirgan. Hammamizga maʼlum halokat maʼnosini oʻtgan asrda kasb etgan.

Bu soʻz oʻzbekchada transportlar va texnik vositalarning buzilishi, ishdan chiqishini yoki baxtsiz hodisa, falokat maʼnosini anglatadi.

 

Magazin xazinalar makonimi?

Magazin Yevropa tillarini kezib, oxiri nemis yoki fransuz tilidan rus tiliga oʻtgan, ruschadan esa oʻzbekchaga. U arabcha maxzan soʻzining koʻplik shakli maxozindan, asliyatda xazina, qimmatli mollar saqlanadigan ombor, katta savdo joyi maʼnolarini anglatadi.

Maxzan soʻzi tilimizga oldinroq kirib kelgan. Jumladan, Navoiy asarlarida bu soʻz xazina maʼnosida qoʻllanadi. Xazina va maxzan soʻzlarining oʻzagi bir.

Inglizchada jurnallar magazine deb ham ataladi. Bu soʻz ham arabcha maxozinga borib taqaladi. Dastlab harbiy mulklarning bosma roʻyxati shu soʻz bilan ifodalangani yoki bosma nashr koʻchma maʼnoda “axborotlar ombori” boʻlgani uchun jurnal magazin deb atala boshlagan.

Magazin soʻzi oʻzbekchada qurol, apparat va asboblarning biror narsa joylashtirib qoʻyiladigan qismi maʼnosida ham ishlatiladi.

 

Arsenal va admiral

Har ikki soʻz ham harbiy sohaga oid. Arsenal oʻzbekchada qurol-aslaha yasaydigan, tuzatadigan, saqlaydigan joyni, qurol-yarogʻ omborini yoki koʻp sonli biron narsa, katta zaxirani anglatadi. Bizga rus tilidan oʻtgan, rus tiliga esa fransuz tilidan oʻzlashgan. Fransuzcha arsenalning manbasi italyancha arsenale boʻlgan. U arabcha dorus sinoye – sanoat uyi, ustaxona soʻziga borib taqaladi.

Arsenal juda koʻp Yevropa tillariga kirib borgan. Inglizlarning mashhur “Arsenal” klubini bilsangiz kerak. London
futbol jamoasiga bejiz bunday nom berilmagan – unga 1886-yili “Royal Arsenal” artilleriya zavodi ishchilari asos solgan. Demak, jamoa tarixi qurol-yarogʻ zavodiga bogʻlanadi.

Admiral harbiy-dengiz flotidagi yuksak harbiy unvonni va shu unvonga ega boʻlgan shaxsni bildiradi. Bu soʻzning ildizi arabcha amirul bahr – dengiz amiri, dengiz hokimi iborasidir. Admiral atamasi deyarli barcha Yevropa tillariga kirib borgan. Oʻzbek tiliga rus tilidan, ruschaga esa holland tilidan oʻtgan.

Bu soʻz dastlab arablar boshqaruvidagi Sitsiliyada ishlatilgan. Keyinchalik bu hududni normanlar egallagach, atama oʻrta asr fransuz tili va genuya tillariga koʻchib oʻtgan.

 

Maska, maskarad va masxara

Uchala soʻz ham oʻzbek tilida ishlatiladi. Aslida uchalasining ildizi bir.

Maska fransuzchada masque, italyanchada maschera, ispanchada esa máscara shakliga ega. Bu soʻz arabcha masxarat(un) – ustidan kulish, ermaklash; niqob soʻziga borib taqaladi. U Yevropa tillariga koʻchgach, teatr aktyorlari va komiklar kiyadigan niqobni anglatgan.

Maskarad maska, niqob va maxsus kiyimlar kiyib oʻtkaziladigan sayilni anglatadi. Talaffuzi arabcha masxaratga juda yaqinligini sezgan boʻlsangiz kerak. Maskarad oʻzbekchaga italyan, fransuz, rus tillarini kezib yetib kelgan.

Masxara oʻzbekchaga bevosita arab tilidan oʻtgan. Oʻzlashtirish jarayonida masxarat soʻzi oxiridagi t tovushidan voz kechilgan.

 

Tarif va taʼrif qarindoshmi?

Taʼrif soʻzini tarif shaklida xato yozish koʻp uchraydi. Ammo alohida holatda tarif ham xato emas. Chunki oʻzbekchada tarif degan soʻz ham bor. Birinchi soʻz arabchadan oʻtgan boʻlsa, ikkinchisi ruschadan kirgan. Tarixan ikkisining ildizi bir. Asliyatda taʼrif(un) soʻzi aniqlash, izohlash, tanishtirish kabi maʼnolarni anglatadi. U boj toʻlovlari haqidagi eʼlon, toʻlovlar haqida eslatma maʼnosiga ham ega.

Taʼrif soʻzi oʻzbekchada asliyatga mos maʼnoni, tarif esa toʻlov stavkasi maʼnosini bildiradi. Masalan, uyali aloqa kompaniyalari turli narx-navo va shartlarga ega tariflarni taklif etadi.

Taʼrif va tarif oʻzbek tilidagi arafa, urf, maʼrifat kabi soʻzlar bilan oʻzakdosh.

 

Xalat podshohlar kiyimimi?

Xalat nimalagini juda yaxshi bilasiz: oʻzi ham, yengi ham uzun ustkiyim. U arabcha xilʼat soʻzidan. Xilʼat asliyatda tuhfa qilingan libosni anglatadi. Bu soʻz xuddi shu shaklda tilimizda mavjud. U tuhfa qilingan toʻn, toza kiyim maʼnolarini anglatadi. Biroq hozir xilʼat soʻzi eskirib ulgurgan, uni jonli tilda ishlatmay qoʻyganmiz.

Xalat soʻzi bizga ruschadan kirgan. Ruschaga esa turk tilidan oʻzlashgan. Turkchada hilat  podshohlar inyom qiladigan toʻnni ifodalagan. Bizning xonliklar kabi Usmonli sultonligida ham toʻn kiydirish anʼanasi boʻlgan. Odatda qoradan boshqa rangdagi choponlar taqdirlash uchun berilgan. Uni olganlar tez orada mansab pillapoyalaridan ham yuqorilagan.

Bilasiz, toʻn kiydirish anʼanasi yurtimizda bugunga qadar saqlangan. U endi podshohlarning emas, oddiy odamlarning amaliga aylangan. Eʼzoz va hurmat izhori sifatida kishining yelkasiga chopon tashlanadi.

Xalat rus tilida XVII asrda keng isteʼmolga kirgan. Oʻzbekchada bu soʻz XX asrdan ishlatila boshlagan.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.