“Muhim ahamiyatga ega” – xato ifoda

Turli matnlarda muhim ahamiyatga ega, muhim ahamiyat kasb etadi kabi birikmalarga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Men bu kabi iboralarni albatta tahrir qilaman. Nega? Chunki muhim soʻzi ahamiyatli, alohida ahamiyatga ega, ahamiyat jihatidan birinchi darajali maʼnolarini anglatsa, ahamiyat soʻzi muhimlikni bildiradi.
Misol qilingan iboralarda pleonazm bor. Ularni qoʻllasak, ahamiyatli ahamiyatga ega, ahamiyatli ahamiyat kasb etadi deganday ifoda yuzaga keladi.
🟢 Bu kabi iboralarni mana bu shaklda tahrirlash mumkin:
Taʼlim sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. ❌
Taʼlim sohasidagi hamkorlik katta ahamiyatga ega. ✅
Taʼlim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega. ✅
Taʼlim sohasidagi hamkorlik muhim. ✅
Tahrir jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi birikmasini ham katta ahamiyat kasb etadi, alohida ahamiyat kasb etadi, muhim iboralari bilan almashtirish kerak.
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.