Ortiqcha soʻz odamga ham yuk: tildagi oʻrinsiz soʻz va iboralar
Ezma odam hech kimga yoqmaydi. Ortiqcha tafsilot kishining badiga uradi. Afsuski, baʼzan bilib-bilmay ortiqcha soʻz ishlatishga, oʻzimizning ham, boshqalarning ham vaqtini isrof qilishga yoʻl qoʻyamiz. Aytayotgan, yozayotganlarimizga teranroq nazar tashlasak, xatolarimiz oydinlasha boradi.
Ortiqcha soʻz va iboralarni qoʻllash tarjima matnlarda ham koʻp uchraydi. Asliyat taʼsiriga tushib qolgan tarjimon gap tuzilishi, ifoda tarzi, hatto iboralardagi soʻzlar ketma-ketligida ham taqlid qila boshlaydi. Soʻnggi paytlarda texnologiyalarning rivojlanishi uquvsiz, tajribasiz kishilarning ham tarjima bilan shugʻullanishiga sharoit yaratdi. Asliyatdan yiroq, maʼno-mazmun yoʻqolgan, qiyofasidan Google Translate manaman deb koʻrinib turadigan oʻgirmalar koʻpaydi.
Bugun bot-bot uchrab turadigan, ortiqcha tafsiloti, keraksiz soʻzi bilan tilimizga oʻrnashib olgan iboralar haqida soʻz yuritamiz.
Yomon illat
Soʻzni ortiqcha ishlatish, bir maʼnoni ifodalovchi qismlarni qoʻllash fanda pleonazm deb ataladi. Xoʻsh, yomon illat iborasining nimasi xato? Bu yerda nima ortiqcha? Holbuki, bu iborani qoʻllash juda urf boʻlgan:
Baxillik – yomon illat.
Giyohvandlik – yomon illat.
Yomon illatlarga qarshi birgalikda kurashamiz.
Endi oʻylab koʻraylik: illatning yaxshisi boʻladimi? Albatta, boʻlmaydi. Illatning hammasi – yomon. Kasallik, ayb, jinoyat kabi maʼnolarni ifodalovchi bu soʻz koʻchma maʼnoda meʼyoriylikni buzuvchi salbiy narsa, qusur, kamchilik mazmunini tashiydi. Demak, oʻzi salbiylik maʼno qirrasiga ega soʻzga yana xuddi shu maʼnodagi soʻzni tirkash oʻrinsiz.
Biror illat ajratib koʻrsatilgandagina yomon soʻzidan foydalanish mumkin:
Baxillik – eng yomon illat.
Ezgu fazilat
Ezgu fazilat iborasi haqida ham yuqoridagi kabi fikrlarni aytish mumkin:
Keksalarni eʼzozlash – ezgu fazilat.
Yoshlarimiz mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatli insonlar boʻlib voyaga yetsin.
Fazilat soʻzida ijobiy maʼno mujassam. U faqat ezgu boʻladi. Yomon fazilat boʻlmaydi. Bu soʻz oʻzbek tilida ijobiy xislat, yaxshi xulq yoki xususiyatni, afzallik, ustunlikni anglatadi. Shunday ekan, u bilan ezgu sifatini qoʻllash mutlaqo ortiqcha:
Keksalarni eʼzozlash – fazilat. ✅
Yoshlarimiz mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, fazilatli insonlar boʻlib voyaga yetsin. ✅
Narvondan yuqoriga koʻtarildi
Narvon bilan yuqoriga koʻtarildik.
Bu iborada nima xatoligi yaqqol koʻrinib turibdi. Narvonga chiqish oʻzi yuqoriga harakatni ifodalaydi. Koʻtarilish soʻzi ham yuqoriga harakatni bildiradi. Demak, bu oʻrinda shunchaki narvondan chiqdik yoki narvondan koʻtarildik, narvondan yuqoriladik deyish yetarli.
Ammo narvondan pastga tushish mumkin. Deylik, biror oʻraga narvon qoʻyilgan boʻlsa, narvondan pastga tushdi deyish oʻrinli. Tomdan tushayotganda esa narvondan tushdi deyish yetarli. Agar harakat narvon orqali bajarilganiga eʼtibor qaratish zarur boʻlmasa, tomdan tushdi iborasini qoʻllash kerak.
U gapini qayta takrorladi
Takrorlash soʻzi qaytarish soʻzining maʼnodoshi. Bir soʻzni uning sinonimi bilan sifatlash shakar shirin ekanini taʼkidlashday gap. Birovga shakar shirin boʻladi deb uqtirib koʻring-chi. Sogʻ ekaningizga shubha qilib qolsa ajab emas.
Yuqoridagi iborada ham shunday. Oʻrinsiz taʼkid bor. Jumlada ikki soʻzdan birini qoʻllash kerak:
U gapini takrorladi. ✅
U gapini qaytardi. ✅
Noqonuniy brakonyerlar qoʻlga olindi
Izohli lugʻatga koʻra, brakonyerlik – yovvoyi hayvonlarni man qilingan joyda va davrlarda yoki man qilingan qurollar bilan, muayyan ruxsatsiz ovlash yoki yoʻq qilish, noqonuniy ovdir. Oʻzi noqonuniy narsaga yana bu sifatni berish xato, axir brakonyerlikning qonuniysi boʻlmaydi-ku. Ammo amaliyotda bu kabi xatolar uchrab turadi:
Choʻl hududida kiyiklarni noqonuniy ovlagan brakonyerlar qoʻlga olindi.
Nazorat tadbirlari doirasida noqonuniy ov qilgan brakonyerlar qoʻlga olindi.
Yuqoridagi gaplarda noqonuniy soʻzi mutlaqo ortiqcha.
Ortga chekindi: oldga chekinish mumkinmi?
Ortga chekinmoq, orqaga chekinmoq iboralarini qoʻllash juda urfga kirgan. Chekinish orqaga tisarilishni, dushman hujumi natijasida ilgarigi pozitsiyalarni tashlab, orqaga ketishga majbur boʻlishni anglatadi. Soʻzning oʻzida orqaga harakat maʼnosi bor. Shunday ekan, yana ortga, orqaga kabi soʻzlarni tirkash oʻrinsiz. Axir oldinga qarab chekinilmaydi.
Demak:
Dushman qoʻshini Xersondan ortga chekindi. ❌
Dushman qoʻshini Xersondan chekindi. ✅
Oʻz, oʻz, oʻz…
Ortiqcha soʻzlarni qoʻllash tarjima tiliga ergashish, kalka tarjima qilish natijasida ham kelib chiqadi. Tarjimon hatto tinish belgilarini qoʻllashda ham asliyatga taqlid qilib qoʻyishi hech gap emas.
Oʻzingizga tasavvur
qiling jumlasi ruscha predstavte sebe iborasining kalka tarjimasidir. Oʻzbek tilida oʻzingizga soʻzi mutlaqo ortiqcha. Odam oʻziga tasavvur qilmaydi, toʻgʻridan-toʻgʻri tasavvur qiladi. Uning tasavvuri oʻzi uchun, boshqaga emas:
Zarar koʻlamini oʻzingizga tasavvur qiling. ❌
Zarar koʻlamini tasavvur qiling. ✅
Oʻz soʻzi koʻpincha ruschadan tarjima qilingan va shu qolipdagi matnlarda haddan ziyod uchraydi. Hatto oʻzbekcha yozganda ham hamma yoqni “oʻz”lashtirib tashlash odatiy holga aylangan. Bunday oʻrinlarning aksariyatida oʻz soʻzidan bemalol voz kechib yuborish mumkin:
Oʻz fikrini bildirdi, oʻz oilasi bagʻriga qaytdi, oʻz ijodiy ishlarimdan namunalar, oʻz atrofingga nazar tashla, oʻz manzilimizga yetdik – fikrini bildirdi, oilasi bagʻriga qaytdi, ijodiy ishlarimdan namunalar, atrofingga nazar tashla, manzilimizga yetdik.
Bugungi kunda
Bu ibora ayniqsa ommaviy axborot vositalarida juda keng tarqalgan. Menimcha, bu ham kalka tarjima natijasida hosil boʻlgan. Biroq segodnyashniy den birikmasi ruschada ham xato sanaladi.
“Bugungi kunda”ning nimasi yanglish demoqchimisiz? Har ikki soʻz tarkibida kun bor. Toʻgʻri, bugun soʻzi tarkibidagi kun tovush oʻzgarishiga uchragan, soʻzga singib ketgan. Biroq bu ibora tarkibida bugun ham, kun ham bir maʼnoni ifodalashga xizmat qilyapti. Bunday oʻrinlarda shunchaki bugun soʻzini ishlatish yetadi:
Bugungi kunda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilyapti. ❌
Bugun bu masalaga alohida eʼtibor qaratilyapti. ✅
Ertalabki nonushta
“Takror aytilganda rangsizdir kalom”, deydi shoir. Qaytariqlar soʻzning ohorini toʻkadi, mazmunni kuchsizlantiradi.
Ertalabki nonushta birikmasi ahyon-ahyonda quloqqa chalinib qoladi. Bu yerda soʻzlar bir oʻzakdan hosil boʻlmagan, mazmuni ham alohida olganda boshqa-boshqa. Lekin u yaxlit holda baribir xato sanaladi. Nega?
Chunki nonushta faqat ertalab qilinadi. Uni ertalabki soʻzi bilan sifatlash ortiqcha.
Nonushta soʻzini izohli lugʻat ertalabki non-choy, xoʻrak deb sharhlagan. Nonushta qilmoq iborasi esa ertalabki xoʻrakni yemoq maʼnosini anglatadi.
📌 Demak:
Ertalabki nonushtadan soʻng joʻnadi. Ertalabki nonushtani vaqtida qiling. ❌
Ertalab nonushtadan soʻng joʻnadi. Nonushtadan soʻng joʻnadi. Nonushtani vaqtida qiling! ✅
Orif Tolib
“Guliston” jurnalining 2023-yil 1-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.