Koʻpchilikning muammosi: savodxonlikni qanday oshirish mumkin?
Savodxonlikning birlamchi maʼnosi oʻqish-yozishni bilishdir. Kengroq maʼnoda esa mustaqil fikrga egalik va bu fikrni emin-erkin, ravon ifodalash tushuniladi. Savodlilikning muhim shartlaridan biri boʻlgan toʻgʻri yozish masalasida qiynaladiganlar birmuncha koʻp. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shu koʻnikmani qanday yaxshilash mumkinligi haqida soʻz yuritadi.
Nega savodxonlik darajasi past?
Baʼzan hozirgi yoshlar savodsiz boʻlib ketgani haqidagi gap-soʻzlarni eshitamiz. Bunga kimdir maktab taʼlimini, kimdir kam oʻqishni sabab qilib koʻrsatadi. Albatta, bu fikrlarda jon bor. Biroq ana shu shikoyatlarni aytayotganlarning oʻzi ham koʻpincha savod masalasida maqtanarli holatda boʻlmaydi.
Menimcha, savod darajasining umumiy darajasi pastligi jiddiy ehtiyoj yoʻqligi tufayli. Chunki toʻgʻri va xatolarsiz yozishga ehtiyoj sezgan kishi bu koʻnikmani yaxshilash harakatida boʻladi. Ishga yoki oʻqishga kirishda bu xislat hal qiluvchi ahamiyatga egami? Agar jurnalist, kopirayter, nashriyot xodimi kabi tor mutaxassisliklar egasi boʻlmasangiz, savodli yozmasdan ham ishlay, oʻqiy olasiz.
Biroq sezsak-sezmasak, tan olsak-olmasak-da, savod kasbiy obroʻ-eʼtibor va maoshga taʼsir qiladi. Hatto savodxonlik muhim emasdek koʻrinadigan hozirgi holatimizda ham. Oʻzim kuzatgan bir jihatni aytay: sohasining ustasi boʻlgan, chuqur bilimli mutaxassislar odatda savodli ham boʻladi. Bunday kishilar boshqalarga nisbatan yaxshiroq reytingga, demakki, yaxshiroq daromadga ham ega.
AQSH Savodxonlik milliy instituti maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi ishsizlarning 75 foizi oʻqish-yozishga qiynaladi, savod darajasi past boʻlganlarning 43 foizi esa kambagʻallikda kun kechiradi. Bizda bunday tadqiqotlar oʻtkazilmagan. Mabodo oʻtkazilsa, ishsizlik va savodxonlik darajasi bir-biriga bogʻliqligi yana bir bor tasdiqlansa kerak.
Ikki yilcha oldin vazirlik maqomidagi bir tashkilot faqat chet tilini emas, oʻzbek tilini ham puxta biladigan, savodli mutaxassis topishda yordam soʻradi. Maoshi 15 million soʻm atrofida. Qoʻshimcha ragʻbatlantirishlar ham bor. Mutaxassis uzoq vaqt topilmadi. Bu savodxonlik oʻta qiyin, egallash mushkul boʻlgan malaka ekanidan emas, savodxon kadrlar joyini tez topishidan darak.
Xatolarsiz yozish tugʻma qobiliyat emas
Hech kim oʻz-oʻzidan toʻgʻri yozadigan boʻlib qolmaydi. Bunga faqat oʻrganish va mashq orqali erishish mumkin. Toʻgʻri, baʼzilar tugʻma isteʼdodi sabab buni osonroq uddalay olar. Lekin oʻqish-oʻrganishsiz savodli boʻlish imkonsiz.
Yon-atrofga bir boqing. Odamlar yetti yot begona tillarni oʻrganib, unda toʻgʻri va ravon gapiradigan, yozadigan boʻlyapti. Oʻzbekcha esa oʻz ona tilimiz, uni oʻrganish aslida oson. Imlomiz va punktuatsiyamizda baʼzi boʻshliqlar, murakkabliklar bor. Ammo bu oʻrganish eshigi tambalandi degani emas.
Savodxonlik darajasini yaxshilashni jiddiy niyat qilgan, shunga yarasha harakati va toqati bor kishi uch oy ichida toʻgʻri yozish koʻnikmasini sezilarli darajada yaxshilay oladi. Xoʻsh, shunaqa shijoat paydo boʻldi, deylik. Nima qilish kerak?
Eng birinchi va eng toʻgʻri yoʻl – oʻqish
Ha, shunday. Soʻzlarning toʻgʻri yozilishini oʻrganish uchun ularni birma-bir yodlab chiqmaysiz. Agar bunday qiladigan boʻlsangiz, oʻzingizni qiynaysiz xolos.
Har qanday kitobni oʻqish savodxonlikni oshiravermaydi. Faqat sifatli kitoblarni mutolaa qilish zarur. Koʻz soʻzlarning qanday yozilishini xotirada saqlab qoladi. Yozayotganingizda ana shu xotira sizga qoʻl keladi. Qancha koʻp oʻqisangiz, koʻz lugʻati ortib boraveradi. Bu soʻz boyligingiz oshishi, nutqingiz ravonlashishiga ham hissa qoʻshadi. Badiiy adabiyotlar soʻz tovlanishlari, noyob iboralar, chiroyli oʻxshatishlarga boy boʻladi. Masalan, Gʻafur Gʻulom asarlarini oʻqib, oʻzingiz bilmagan-eshitmagan juda koʻp nodir soʻzlarni oʻrganishingiz mumkin.
Oʻz sohangizga oid kitoblarni oʻqish ham foyda beradi. Atamalar va sohaga oid tushunchalarning maʼnosi, imlosini oʻrganasiz.
Mutolaaga har kuni kamida yarim soat, oʻrtacha bir soat vaqt ajrating.
Yozing va mashq qiling
Har kuni biror kitobning kamida bir betini koʻchirib yozing. Endi koʻz xotirasidan tashqari harakat xotirasi ham ishga tushadi. Qoʻl yozish jarayonida imloni eslab qoladi. Miya esa yozilgan narsani yaxshiroq uqadi. Tinish belgilari qay oʻrinda va nimaga qoʻllanayotganini tushuna borasiz.
Yozishning bundan-da foydaliroq usuli bor. Sifatli audiokitobdan parcha eshiting va uni qogʻozga tushiring. Keyin uni kitob bilan solishtiring. Qayerlarda, qaysi soʻzlarda xato qilganingizga eʼtibor bering.
Mabodo audiokitob yoʻq boʻlsa, kitobdan parchani oʻzingiz ifodali oʻqing va telefoningiz diktofoniga yozib oling. Keyin uni eshitib, yozishingiz mumkin.
Tayyor diktantlardan ham foydalansangiz boʻladi.
Kundalik tuting, kuningiz qanday oʻtgani, qayerlarga borganingiz, nimalar qilganingizni qogʻozga tushirib boring. Yoki oʻzingizga maʼqul istagan mavzuda yozishingiz mumkin. Soʻng matnda imlosiga ikkilangan soʻzlaringizni lugʻatdan tekshirib, toʻgʻrilab chiqing. Bu toʻgʻri yozishdan tashqari yozma fikrlash malakangizni ham oshiradi. Miyada fikrlar tartibga tushadi, miyada tartib bor degani yozuvda ham tartib bor deganidir.
Yozish mashqi
savod darajangiz sezilarli yaxshilangunga qadar davom etishi kerak. Iloji boricha qoʻlda yozing. Biroz muddatdan soʻng mashgʻulotni kompyuterda davom ettirishingiz mumkin.
Qoidalarni oʻrganing
Ha, bundan qochib qutulib boʻlmaydi. Kitoblar, gazeta-jurnallarni oʻqib, baʼzi qoidalarni mantiq, savqi tabiiy bilan oʻzlashtirib olish mumkin. Lekin imlo va punktuatsiyani toʻlaqonli bilish uchun baribir qoidalarni oʻrganish zarur.
Shu yoʻnalishdagi blog va sahifalar, videodarslar ham yaxshi foyda beradi.
Vaqt, xohish va imkon boʻlsa, repetitorga borish yoki onlayn kurslarga qatnashish ham mumkin. Tabiatimiz shunaqa: tekin narsaning qadri kam boʻladi, pul toʻlasak, xarajatimizni oqlashga harakat qilamiz.
Lugʻatlar bilan ishlang
Imlo lugʻati va izohli lugʻat doimiy ish qurolingizga aylansin. Maʼnosini tushunmagan yoki yozilishida ikkilangan soʻzlaringizni albatta lugʻatdan tekshiring. Buning uchun alohida lugʻat daftar tutganingiz afzal. Yoddan koʻtarilgan soʻzlarga qarab olish ham osonlashadi.
Shaxsiy yozishmalarda, ijtimoiy tarmoqlarda savodli boʻlishga intiling. Toʻgʻri yozish odatga asoslanadi. Xatoga eʼtiborsiz boʻlaverish boshqa oʻrinlarda ham nuqsonli yozishingizga yoʻl ochadi.
Word dasturida oʻzbek lotin imlosini tekshirish xizmati ishga tushgan. Biroq u hali juda zaif. Juda koʻp soʻzlarni tanimaydi. Word’da yoki brauzerlarda ishlaganda oʻzbek imlosini tekshirib beradigan maxsus kengaytmalardan foydalanishingiz mumkin. Bunda ham qayerda xato qilayotganingizni oʻrganasiz, ham uni bartaraf etasiz.
Asosiysi – qatʼiyatli boʻling
Mutolaa, matn koʻchirish, yozish, tekshirish – vaqt va kuch oladigan jarayon. Zerikib yoki hafsalasizlik qilib shugʻullanishni toʻxtatsangiz, savodli boʻlish niyatingiz niyatligicha qoladi. Istak va shijoatsiz shugʻullanish esa kutilgan natijani bermaydi.
Oʻzingizni rivojlantirish yoʻlida kuch-quvvat tilayman. Omadingizni bersin.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.